28 октябр 2026
O‘zbekiston Milliy universiteti huzuridagi Nazariy fizika institutida fundamental tadqiqotlarni rivojlantirish, ilmiy salohiyatni yuksaltirish hamda yuqori malakali ilmiy kadrlar tayyorlash yo‘lidagi muhim ilmiy yutuq qayd etildi.
2026-yil 22-oktabr kuni O‘zbekiston Milliy universiteti huzuridagi DSc.03/2025.27.12.FM.01.04.M raqamli Ilmiy kengash majlisida ikki nafar tadqiqotchi — Xusanov Elzod Dilshod o‘g‘li va Yo‘ldashev Jasurbek Sa’dulla o‘g‘li fizika-matematika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun tayyorlangan dissertatsiya ishlarini muvaffaqiyatli himoya qildi.
🔬 Xusanov Elzod Dilshod o‘g‘lining dissertatsiya ishi «⁴⁸Ca + ¹⁶⁸Er, ¹²C + ²⁰⁴Pb reaksiyalarida massa asimmetriyasining va ²⁸,³⁰Si + ¹⁹⁷Au reaksiyalarida dasta energiyasining kvazibo‘linish mahsulotlari chiqishiga ta’siri» mavzusiga bag‘ishlangan. Tadqiqot O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi institutida bajarilgan. Ilmiy rahbari — fizika-matematika fanlari doktori, katta ilmiy xodim Avazbek Karimovich Nasirov.
🔬 Yo‘ldashev Jasurbek Sa’dulla o‘g‘lining dissertatsiya ishi «Boshqariluvchi nochiziqlilikka ega muhitlarda nochiziqli to‘lqinlar dinamikasi» mavzusida bajarilgan. Tadqiqot O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Fizika-texnika institutida amalga oshirilgan. Ilmiy rahbari — fizika-matematika fanlari doktori, akademik Fatxulla Xabibullayevich Abdullayev.
Har ikki dissertatsiya 01.04.02 – Nazariy fizika ixtisosligi doirasida bajarilgan bo‘lib, fundamental fizikaning dolzarb yo‘nalishlariga oid ilmiy izlanishlarni o‘z ichiga oladi.
Ushbu muhim ilmiy yutuq munosabati bilan tadqiqotchilarni samimiy muborakbod etamiz! Ularga kelgusi ilmiy faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar, yangi ilmiy natijalar va kashfiyotlar, shuningdek, mamlakatimiz ilm-fani rivojiga munosib hissa qo‘shishlarini tilaymiz.
Ilmiy izlanishlaringiz bardavom, yutuqlaringiz zalvorli bo‘lsin!
O‘zbekiston Milliy universiteti huzuridagi Nazariy fizika instituti jamoasi.