14 октябр 2026

Scopus ma’lumotlari asosida SciVal platformasida shakllantirilgan O‘zbekiston olimlari reytingida Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti huzuridagi Nazariy fizika instituti vakillaridan ikki nafar olim munosib o‘rin egalladi.

Reyting natijalariga ko‘ra, akademik Bobomurat Ahmedov 3-o‘rinni, Javlon Rayimbayev esa 9-o‘rinni egallagan. Ularning bibliometrik ko‘rsatkichlari quyidagicha:

Akademik Bobomurat Ahmedov - 3-o‘rin, h-indeksi 54, 283 ta ilmiy nashr va 9 419 ta iqtibos.

Javlon Rayimbayev - 9-o‘rin, h-indeksi 36, 298 ta ilmiy nashr va 4 483 ta iqtibos.

H-indeks tadqiqotchining ilmiy nashrlari soni hamda ushbu nashrlarga berilgan iqtiboslarni birgalikda ifodalovchi bibliometrik ko‘rsatkich hisoblanadi. U olimning ilmiy mahsuldorligi va tadqiqotlari iqtiboslar orqali qay darajada e’tirof etilganini baholashda qo‘llanadi.

Institut olimlarining mazkur reytingdan joy olishi ularning ilmiy faoliyati natijalarini hamda tadqiqotlarining ilmiy hamjamiyatdagi ta’sirini aks ettiradi. Bu natijalar Nazariy fizika institutida olib borilayotgan fundamental tadqiqotlar va ilmiy maktab salohiyatini namoyon etuvchi muhim ko‘rsatkichlardan biridir.

Reyting Scopus ma’lumotlari asosida SciVal platformasida 2021-2026-yillar davri uchun, 2026-yil 20-avgust holatiga shakllantirilgan.

Manba: Scopus ma’lumotlari, SciVal platformasi.